MADANIYAT VA SAN’AT MUASSASALARIDA VASIYLIK KENGASHLARI

 
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
MADANIYAT VA SAN’AT MUASSASALARIDA VASIYLIK KENGASHLARI TO‘G‘RISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 26-avgustdagi PQ-3920-son qaroriga muvofiq moliyalashtirishning budjetdan tashqari manbalarini jalb etish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, madaniyat va san’at muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish va ularga ko‘maklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Madaniyat va san’at muassasalarining vasiylik kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi uch oy muddatda madaniyat va san’at muassasalari orasida vasiylik kengashlarini tashkil etish va ularning faoliyatini ta’minlash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida axborot-tushuntirish ishlari olib borilishini ta’minlasin.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-avgust,
687-son
 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 687-son qaroriga

ILOVA

Madaniyat va san’at muassasalarida vasiylik kengashlari to‘g‘risidagi
NAMUNAVIY NIZOM
 
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at muassasalarida vasiylik Vasiylik kengashilarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Vasiylik kengashi — madaniyat va san’at muassasalarining vazifalari va muammolarini hal etishga jamoatchilikni jalb etish, budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etishda ularga ko‘maklashish, shuningdek, pulli xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish maqsadida madaniyat va san’at muassasalarida tashkil etiladigan jamoatchilik-maslahat organi.
Madaniyat va san’at muassasasiga teatrlar, sirklar, filarmoniyalar, konsert tashkilotlari (professional ijodiy jamoalar, musiqa jamoalari, ansambllar va shu kabilar), madaniy-ma’rifiy muassasalar (madaniyat markazlari, muzeylar, badiiy galereyalar (ko‘rgazmalar), ko‘rgazma zallari, tarixiy madaniy qo‘riqxonalar, madaniyat va dam olish istirohat bog‘lari, klub muassasalari, saroylar va madaniyat uylari, madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim muassasalari va shu kabilar, idoraviy mansubligidan qat’i nazar moddiy madaniy meros obyektlari va arxitektura yodgorliklari kiradi.
3. Vasiylik kengashi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga hamda korporativ qoidaga muvofiq amalga oshiradi.
2-bob. Vasiylik kengashini tashkil etish tartibi
4. Vasiylik kengashi har bir madaniyat va san’at muassasasida yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladi va jamoatchilik asosida ish ko‘radi.
5. Vasiylik kengashi madaniyat va san’at muassasasi rahbarining tegishli buyrug‘i asosida tashkil etiladi.
6. Vasiylik kengashi tarkibi madaniyat va san’at muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Vasiylik kengashi tarkibiga davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar vakillari, shuningdek, madaniyat va san’at muassasasi faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslar kirishi mumkin.
3-bob. Vasiylik kengashining vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
7. Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
moddiy-texnika bazani mustahkamlash, shu jumladan, infratuzilmani yaxshilash, madaniyat va san’at muassasalari binolari va hududini obodonlashtirish;
madaniyat va san’at muassasasi faoliyati sifati va samaradorligini oshirish;
madaniyat va san’at muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha dasturlarni moliyalashtirish va amalga oshirish;
madaniyat va san’at muassasasi faoliyatini takomillashtirishga malakali mutaxassislarni jalb etish;
madaniyat va san’at muassasasi faoliyatini rivojlantirishni ta’minlash uchun donorlarni jalb etish.
8. Yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Vasiylik kengashi quyidagi huquqlarga ega:
Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
o‘z nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritish;
madaniyat va san’at muassasasining va ish rejalari, tadbirlar rejalari, dasturlari va boshqa hujjatlarini muhokama qilishda ishtirok etish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
madaniyat va san’at muassasasi rahbariga madaniyat muassasasi faoliyatini takomillashtirish va uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida takliflar kiritish;
Vasiylik kengashiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda madaniyat va san’at muassasasidan olish;
madaniyat va san’at muassasasi faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan davlat organlariga murojaat qilish;
Vasiylik kengashining moliyaviy rejasini tasdiqlash;
Vasiylik kengashining mablag‘larini taqsimlash tartibini belgilash;
Vasiylik kengashi mablag‘larini sarflashning moliyaviy rejasi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish;
mablag‘lardan va boshqa jalb etilgan ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini tekshirish uchun moliyaviy nazoratning vakolatli organini tayinlash.
Vasiylik kengashi qonun hujjatlariga, ichki nizomga va madaniyat va san’at muassasasining nizomiga (ustaviga) muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9. Vasiylik kengashi:
ushbu nizomda belgilangan asosiy vazifalar bajarilishini ta’minlashga;
mablag‘lardan va boshqa jalb etilgan ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini ta’minlashga majburdir.
4-bob. Vasiylik kengashi faoliyatini tashkil etish
10. Vasiylik kengashi o‘z faoliyatini Vasiylik kengashi vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha a’zolarining ixtiyoriy ishtirok etishi va teng huquqliligi prinsiplari asosida amalga oshiradi.
11. Vasiylik kengashi, qoidaga ko‘ra, rais, raisning o‘rinbosari, Vasiylik kengashining kotibi va a’zolari tarkibida shakllantiriladi.
Vasiylik kengashining son tarkibi, agar uning nizomida o‘zgacha hol belgilanmagan bo‘lsa, reglamentlashtirilmaydi. Vasiylik kengashi tarkibi va rahbariyatidagi o‘zgarishlar, qoidaga ko‘ra, bir yilda bir marta o‘tkaziladi.
Madaniyat va san’at muassasasi rahbari Vasiylik kengashi a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
12. Vasiylik kengashiga rais boshchilik qiladi. Raisning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Vasiylik kengashi majlisi kun tartibini belgilash va uni chaqirish;
Vasiylik kengashi qarorlarini tasdiqlash va ular ijrosi nazorat qilinishini tashkil etish;
Vasiylik kengashining yillik ish rejasini tasdiqlash, shuningdek, Vasiylik kengashiga uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etish;
Vasiylik kengashi a’zolariga yuklangan vazifalar ijrosi bo‘yicha ularning ishini muvofiqlashtirish;
Vasiylik kengashini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ifodalash;
Vasiylik kengashining samarali faoliyatini ta’minlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
13. Vasiylik kengashi raisi va uning o‘rinbosari birinchi tashkiliy majlisda saylanadilar. Vasiylik kengashi raisi va uning o‘rinbosari Vasiylik kengashi a’zolaridan saylanadi. Vasiylik kengashi a’zolari faoliyati muddatlari, Vasiylik kengashi raisi va uning o‘rinbosarini qayta saylash uning nizomida belgilanadi. Vasiylik kengashi o‘z vakolatlarini madaniyat va san’at muassasasi rahbariga berishga haqli emas.
14. Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosarining vakolatlari Vasiylik kengashining qarori bilan belgilanadi.
15. Vasiylik kengashi a’zolari:
Vasiylik kengashi majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
madaniyat va san’at muassasalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha Vasiylik kengashiga takliflar kiritish;
Vasiylik kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha xulosalar taqdim etish huquqiga egadir;
Vasiylik kengashi a’zolari majlisda shaxsan, yoxud qonun hujjatlariga muvofiq Vasiylik kengashi a’zosi nomidan ish ko‘rish vakolati berilgan o‘zining vakili orqali qatnashishi kerak.
Vasiylik kengashi a’zosi majlisda ishtirok etish imkoni bo‘lmaganda majlis kun tartibi bo‘yicha o‘z fikrini Vasiylik kengashiga yozma ravishda yuborish huquqiga ega.
16. Vasiylik kengashi o‘z ishini o‘zi tomonidan tasdiqlangan rejalar asosida quradi va o‘z majlislarini zaruratga ko‘ra, biroq yarim yilda kamida bir marta o‘tkazadi. Vasiylik kengashi raisi Vasiylik kengashi a’zolarining yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirishi mumkin. Vasiylik kengashi a’zolarining iltimosnomasida navbatdan tashqari majlisni o‘tkazishning sabablari va asoslari bayon qilinishi kerak.
17. Vasiylik kengashi majlisini Vasiylik kengashi raisi olib boradi, u bo‘lmagan taqdirda — Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari olib boradi.
Vasiylik kengashida uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, u huquqiy vakolatli bo‘ladi.
Majlisni o‘tkazish uchun kvorum yoki rais va uning o‘rinbosari bo‘lmaganda Vasiylik kengashi majlisini o‘tkazishning yangi sanasi e’lon qilinadi.
18. Vasiylik kengashi majlisida ko‘rib chiqilayotgan masalalarning xususiyatiga bog‘liq ravishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, madaniyat va san’at muassasalari xodimlari, alohida jismoniy shaxslar taklif etilishi mumkin.
19. Vasiylik kengashi kotibi:
barcha zarur hujjatlar Vasiylik kengashi majlisiga o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
majlisni o‘tkazish muddati va joyini Vasiylik kengashi raisi bilan kelishadi;
kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vasiylik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
Vasiylik kengashi a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni majlis o‘tkaziladigan sana, kun tartibi loyihasi, vaqt va joy to‘g‘risida xabardor qiladi;
Vasiylik kengashi qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi;
Vasiylik kengashi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Vasiylik kengashi a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi;
Vasiylik kengashi hujjatlari saqlanishini, shuningdek, Vasiylik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi axborot madaniyat va san’at muassasasining veb-saytida joylashtirilishini ta’minlaydi.
Vasiylik kengashi kotibi Vasiylik kengashi a’zosi hisoblanadi.
5-bob. Vasiylik kengashi tomonidan qarorlar qabul qilinishi va ularning ijrosini tashkil etish
20. Vasiylik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan Vasiylik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lganda Vasiylik kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Mablag‘lar tushumi va xarajatlarning yillik moliyaviy rejasini tasdiqlash, shuningdek, Vasiylik kengashi mablag‘laridan foydalanish masalalari bo‘yicha qaror majlisda hozir bo‘lgan Vasiylik kengashi a’zolarining uchdan ikki qismining ovozi bilan qabul qilinadi.
21. Vasiylik kengashi qarorlari Vasiylik kengashi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Vasiylik kengashi majlisining bayonnomasi Vasiylik kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Vasiylik kengashi a’zolariga yuboriladi.
Vasiylik kengashi majlisi bayonnomasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab o‘n ish kuni mobaynida Vasiylik kengashining kotibi madaniyat va san’at muassasasining veb-saytida bayonnomaning elektron versiyasi e’lon qilinishini ta’minlaydi.
22. Vasiylik kengashi bayonnomasining asl nusxasi va unga materiallar madaniyat va san’at muassasasida saqlanadi. Madaniyat va san’at muassasasi rahbari Vasiylik kengashining bayonnomalari va boshqa hujjatlari saqlanishini ta’minlashda hamda Vasiylik kengashi majlisi to‘g‘risidagi axborot madaniyat va san’at muassasasining veb-saytida joylashtirishda Vasiylik kengashi kotibiga ko‘maklashishi shart.
23. Vasiylik kengashi kotibi Vasiylik kengashi a’zolari ko‘magida Vasiylik kengashi qarorlari bajarilishini muntazam ravishda o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarurat bo‘lganda, Vasiylik kengashi raisiga tegishli takliflar kiritadi.
24. Vasiylik kengashi bir yilda kamida bir marta madaniyat va san’at muassasasi rahbarining qabul qilingan qarorlar ijrosi holati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.
25. Vasiylik kengashining ish tartibi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadigan reglamentda belgilanadi.
6-bob. Jalb etilgan mablag‘lar va boshqa ko‘maklashish mablag‘laridan foydalanish
26. Jalb etilgan mablag‘lardan va boshqa ko‘maklashish mablag‘laridan Vasiylik kengashining vazifalari va funksiyalarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.
27. Pul mablag‘lari shaklidagi jalb etilgan ko‘maklashish mablag‘lari madaniyat va san’at muassasasining budjetdan tashqari hisob raqamida jamlanadi, madaniyat va san’at muassasasining daromadlari va xarajatlari smetasiga kiritiladi hamda ushbu Nizomda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
Tovarlar, ishlar/xizmatlarni bajarish, madaniyat va san’at muassasasi bilan yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi shartnomalarda belgilangan shartnoma majburiyatlari bajarilishini huquqi hamda boshqa moddiy va nomoddiy boyliklar tarzidagi jalb etilgan ko‘maklashish mablag‘laridan foydalanish tartibi va shartlari Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
28. Jalb etilgan mablag‘lar va boshqa ko‘maklashish mablag‘lari daromadlari va xarajatlari hajmlari kelgusi yilga Vasiylik kengashining majlisida tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar moliyaviy rejasiga muvofiq madaniyat va san’at muassasasining daromadlari va xarajatlari smetasiga kiritiladi.
Mablag‘larning daromadlari va xarajatlari moliyaviy rejasiga madaniyat va san’at muassasasida Vasiylik kengashi faoliyati bilan bog‘liq joriy xarajatlar kiritiladi.
29. Jalb etilgan mablag‘larning daromadlari va xarajatlari smetasi Vasiylik kengashining qarori bilan tasdiqlanadi. Zarurat bo‘lganda jalb etilgan mablag‘larning daromadlari va xarajatlari smetasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
30. Jalb etilgan mablag‘lar va boshqa ko‘maklashish mablag‘larining buxgalteriya hisobi to‘g‘ri yuritilishi, ularning zarur tarzda rasmiylashtirilishi va ulardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qilish uchun madaniyat va san’at muassasasining rahbari va bosh buxgalteri javob beradi.
Joriy yilda foydalanilmagan pul mablag‘lari qoldig‘i olib qo‘yilmaydi va keyingi yilga o‘tadi.
31. Vasiylik kengashi jalb etilgan mablag‘lar va boshqa ko‘maklashish mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshiradi. Moliyaviy nazoratni amalga oshirish uchun Vasiylik kengashi Vasiylik kengashining moliyaviy taftishchisi yoki nazorat-taftish komissiyasi shaklida Vasiylik kengashining moliyaviy nazorati vakolatli organini tashkil etadi.
Moliyaviy nazoratning vakolatli organini, Vasiylik kengashi nazorat-taftish komissiyasi raisi va a’zolarini tayinlash tartibi, ularning vakolatlari muddatlari va taftishlarni o‘tkazish davriyligi Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
Vasiylik kengashi moliyaviy nazoratni amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotini jalb etishga haqlidir.
32. Vasiylik kengashining moliyaviy nazorati vakolatli organi:
bir yilda kamida bir marta hisob-kitoblarning to‘g‘riligini tekshiradi, Vasiylik kengashining mablag‘lari va boshqa ko‘maklashish mablag‘larining sarflangan xarajatlarini, shuningdek, ulardan moddiy va nomoddiy aktivlar tarzida foydalanish samaradorligini taftish qiladi, yillik hisobotlar va balans bo‘yicha xulosa tayyorlaydi;
moliyaviy hisobot to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlik va uni tuzish asoslanganligi yuzasidan kelgusi yilga daromadlar va xarajatlar moliyaviy rejasini ko‘rib chiqadi;
jalb etilgan mablag‘lar va boshqa ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi to‘g‘risida Vasiylik kengashi oldida hisobot beradi.
33. Kelgusi yilga daromadlar va xarajatlarning moliyaviy rejasi Vasiylik kengashi moliyaviy nazoratining vakolatli organi tomonidan ko‘rib chiqilganidan va ma’qullanganidan keyin Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
34. Vasiylik kengashining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
VIII-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Vasiylik kengashi faoliyatini to‘xtatish Vasiylik kengashining qarori asosida amalga oshiriladi. Vasiylik kengashi faoliyati to‘xtatilgan taqdirda uning jalb etilgan mablag‘lar va boshqa ko‘maklashish mablag‘larini boshqarish bo‘yicha vakolatlari Vasiylik kengashining yangi tarkibi taynlanguniga qadar madaniyat va san’at muassasasi rahbariga beriladi.
36. Ushbu Nizom qo‘llanilishi munosabati bilan yuzaga keladigan nizolar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

37. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/687/3580-son)
Manba:LexUz
 

YANGILIKGA OBUNA BO'LING